 Shu kunlarda O‘zbekistondagi barcha abituriyentlarni bir savol qiynamoqda — oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari natijalari qachon e’lon qilinadi? 2016-yilgi test imtihonlari natijalari qachon e’lon qilinishi borasida hozircha aniq bir axborot yo‘q. Biroq bundan avvalgi yillarda mandat qachon chiqqanini bir yodga olish mumkin.
2015-yili test imtihonlari natijalari oliygohlarning o‘zida 20-avgust kuni e’lon qilingan. Undan bir kun avval — 19-avgust kuni kechasi esa imtihon natijasini bilish maqsadida SMS yo‘llaganlarga javoblar kela boshlagan va DTM saytidagi test natijalarini bilish sahifasi ishga tushgan edi.
2014-yili barcha abituriyentlar orziqib kutgan natijalar 16-avgust kuni e’lon qilingan. O‘shanda ham mobil aloqa operatorlari joriy qilgan SMS xizmatlari bir kun avvaldan — 15-avgustdan e’tiboran test natijalari haqida axborot taqdim eta boshlagan.
Undan bir yil — 2013-yili ham oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari natijalari 16-avgust kuni e’lon qilingan edi. SMS xizmatlari esa 15-avgust oqshomidayoq test natijalari haqida abituriyentlarni boxabar qilishni boshlagan.
Ma’lumot uchun, 2012-yili oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun 432 mingdan ortiq, 2013-yili 480 mingdan ziyod, 2014-yili 543 mingdan ko‘proq abituriyent hujjat topshirgan edi. Keyingi — 2015- va 2016-yillarda esa hujjat topshirgan abituriyentlar soni sezilarli darajada — 600 mingdan oshib ketganligi munosabati bilan (mos ravishda 605 836 va 663 298 nafar abituriyent), balki, test natijalarini e’lon qilish muddati biroz keyinroqqa surilayotgan bo‘lishi mumkin. Manba: www.SheJoT.CoM - Saytdan olindi!
|