Makr so'zini eshitganda odatda yolg'on, birovni aldash, yoki boshqa salbiy hissiyot xayolga keladi. Erkaklar ayolning makriga salbiy qaraydilar. Aslida ayollar makri, ayyorligi hayotda kerakli muloqot vositasidir. Faqat ayyorlik ijobiy bo'lishi kerak.
Ayol makri nima degani?
Ayol makrini diplomatiya bilan tenglashtirsa bo'ladi. Ya'ni ayol o'z niyatini, xohishini, erkak to'g'ri qabul qila oladigan tilda yetkazib berish yo'lidir. Xuddi diplomatlar singari ayol ham o'z maqsadiga erishish uchun har xil yo'llardan foydalanadi.
Bu yo'llar orqali ayol erkakni jalb qiladi, uni ma'lum bir ishga ko'ndiradi, ruxsat so'rab oladi va hokazo.
Ayol makri oddiy va agressiv bo'lishi mumkin.
Oddiy makr - bu erkak uchun yoqimli va tushunarli tarzda muloqot qilish. Ya'ni erkakka yoqadigan holatda u bilan o'yin qilish. Misol uchun, eringizga yoqimsiz bir vaziyat haqida aytishingiz kerak. Ishdan charchab kelishi bilan bu haqda gapirmasdan unga mazali ovqat berib, tunda uni chiroyli qondirib, keyin o'sha yoqimsiz vaziyat haqida aytib bersangiz, unga bu unchalik yomon ko'rinmaydi va u sizni oson kechira oladi. Bu deyarli barcha ayollar ishlatadigan oddiygina makrga misol.
Ayol makrining asosiy ko'rsatkichlari - bu erkalanish, nozlanish, ibo, yumshoqlik va sabr. Yonida go'zal ayolni, chiroyli bezatilgan dasturxonni ko'rib turgan va shirin so'zlarni eshitayotgan hech bir erkak ayolining iltimosiga rad javob bera olmaydi.
Ayol makri bu salbiy narsa emas, aksincha ayolning aqlli va foydali ayyorligi turmushni go'zallashtiradi, erkakni esa kuchli qiladi.
Agressiv makr - bu biron maqsadga erishish uchun ayolning erkakka nisbatan psixologik kuch ishlatishi. Ya'ni erkakni jinsiy ehtiyojini qondirish evaziga biron narsa so'rash yoki o'zini tashlab yuborib isterikaga tushib erini ayblash va hokazo. Agressiv makr erkakka yoqmaydi va ayolga ham foyda keltirmaydi. Boshida agressiv ayyorlik orqali ayol o'z maqsadiga erishsa ham, keyinchalik bu yo'l erkak kishini joniga tegadi.
Demak, ayollar ayyor bo'lishi yomon emas. Faqat ayyorlik evi bilan va ezgu ishlarga qaratilgan bo'lishi kerak. Erkak ham baribir ayoli ayyorligini bila turib unga ko'nishni yoqtiradi. "Bugun bolalarni siz bog'chadan olib keling, men shifoxonaga borishim kerak" degan gapdan ko'ra, "Adajonisi bugun bolajonlarizni siz olib kela qoling, juda sizni sog'inishgan, men esa tezda shifoxonaga o'tib kelaman" degan gap natijasi bitta - er bog'chaga boradi, faqat birinchi holatda u biroz xohlamay, bosh tortib, iloji yo'qligidan borsa, ikkinchi holatda u bundan xursand bo'lib boradi. Shunday ekan, ayollar makri turmush siyosatida juda ham kerakli diplomatik vosita desak mubolag'a qilmagan bo'lamiz.