“Chegara bilmas shifokorlar” (MSF) xalqaro xayriya tashkiloti Gvineyada Ebola bezgagi epidemiyasining tarqalish ko‘lamini “mislsiz”, deya baholadi. Kasallik o‘choqlari yuzlab kilometrlarga yoyilganligi esa infeksiya tarqalishi ustidan nazorat o‘rnatishni qiyinlashtirmoqda, deb yozadi Reuters.
“Biz shu paytgacha butun mamlakat hududiga bunchalar keng tarqalgan epidemiyaga hech duch kelmagan edik, – deydi MSF’ning Gvineya poytaxti Konakridagi vakili Mariano Luli. – Infeksiya tarqalishining geografik ko‘lami bizni juda tashvishlantirmoqda, chunki epidemiyani to‘xtatib qolish borasidagi tashkilotning harakatlari samara berishi qiyin”.
Gvineya Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan e’lon qilingan so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, kasallik aniqlana boshlagan yanvar oyidan buyon 122 ta xastalanish holatidan 78 tasi bemorning o‘limi bilan yakunlangan. Bunda kasallikdan o‘lganlarning qoni tarkibida ebolavirus qo‘zg‘atuvchisi mavjudligi laboratoriya sharoitida faqat 22 ta holatdagina qayd etilgan.
Ebola bezgagi allaqachon Gvineyaga qo‘shni G‘arbiy Afrika mamlakatlariga ham o‘tgan. Jumladan, Liberiyada yettita, Syerra Leoneda – hozircha tasdiqlanmagan beshta holat kuzatilgan. Gvineyaning yana bir qo‘shnisi – Senegal esa bu mamlakat bilan oradagi chegarani yopishini e’lon qilgan, deb yozadi MedPortal sayti.