Joriy yilning fevral oyi oxirida Italiyada ishsizlik darajasi keyingi 37 yildagi eng yuqori cho‘qqisiga ko‘tarildi. Mamlakatda ishga joylashmagan aholi 13 foizga yetdi. Milliy statistika agentligi Istat ma’lumotlariga tayanib Gazzetta del Sud nashrining yozishicha, italyanlarning 3 milliondan oshig‘i hozirda ishsizdir.
Bundan tashqari, yoshlar orasida ishsizlik ortib borayotgani tashvishlanarli holdir; hozirda ishsiz yoshlar miqdori 42,3 foizgacha ko‘tarildi. Bu esa o‘tgan yilning ayni davridagi ko‘rsatkichga nisbatan 3,6 punkt yuqoridir.
2014-yilning fevralidan buyon Vazirlar mahkamasini boshqarishga kirishgan Bosh vazir Matteo Rensining ma’lum qilishicha, ishsizlik mamlakat hukumati hal etishga urinayotgan asosiy muammo bo‘lib qolmoqda. U ishsiz kishilar sonini qisqartirishga hamda Italiya iqtisodiyotini taraqqiyot yo‘liga qaytarishga va’da bermoqda.
Aytib o‘tish kerakki, Yevropa bo‘ylab ishsizlik bilan bog‘liq eng yomon ko‘rsatkichlar Gretsiya va Kiprda qayd etilgan: 2014-yilning boshida bu mamlakatlarda ishsizlar tegishlicha 27,5 va 16,7 foizni tashkil etgan.
O‘tgan hafta BMTdan ma’lum qilishlaricha, dunyo bo‘ylab kamida 74,5 million nafar 25 yoshgacha bo‘lgan aholi o‘ziga ish topa olmayapti. Shu tariqa, Italiyadagi ishsizlik muammosi global holatning bir qismidir; BMTning ogohlantirishiga ko‘ra, bu muammo butun bir avlodga xavf solmoqda.