Kreml saytidagi “Rossiya prezidentlarining tarjimai holi” bo‘limiga o‘zgarishlar kiritildi. U yerdagi Vladimir Putin tarjimai holida uning oila a’zolari sifatida faqat qizlari Mariya va Katerina haqida ma’lumot berilgan. Rafiqasi Lyudmila haqidagi qaydlar o‘chirilgan, deya xabar qiladi “ITAR-TASS”.
Davlat rahbarining matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunga izoh berar ekan, “Demak, ajrashish amalga oshirilgan”, – dedi.
30 yillik nikohda bo‘lgan Vladimir Putin va uning rafiqasi ajrashmoqchi ekanliklarini o‘tgan yilning 6-iyunida ma’lum qilgan edilar. “Ajrashish – bizning umumiy qarorimiz”, – degan edi o‘shanda prezident. U o‘z shaxsiy hayoti haqida gapirishni uncha xushlamaydi, jurnalistlarning bu boradagi savollariga ham qisqa javob beradi.
Sobiq er-xotinlar buni bir ovozdan “madaniy ajrashish”, deb izohladilar. Prezidentning sobiq rafiqasi ham bu borada: “Biz amalda ko‘rishmaymiz, shu bois nikohimiz nihoyasiga yetdi. Vladimir Vladimirovich butunlay ishga berilgan, bizning farzandlarimiz ulg‘ayib qolishdi, ularning ham o‘z hayotlari bor”, – deydi.