 Rasmiy Moskva Ukrainadagi inqirozni bartaraf etish uchun ko‘p tomonlama muzokaralar olib borishga tayyor, faqat shu shart bilanki, ularda mamlakatning janubiy va sharqiy hududlari vakillari ham ishtirok etishlari lozim. Bundan tashqari, birgalikdagi maslahatlar boshlanishi uchun Ukraina o‘zining yangi konstitutsiyasi loyihasini taqdim etishi kerak. Bu haqda "Interfaks” axborot agentligi xabar beradi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 8-aprel kuni Angola tashqi ishlar vaziri Jorji Rebelu Shikoti bilan bo‘lgan muzokaralar yakuni bo‘yicha uyushtirilgan matbuot anjumanida shuni ta’kidladi. "Darhaqiqat, biz ko‘p tomonlama uchrashuvni nazarda tutmoqdamiz, unda yevropaliklar, AQSh, Rossiya va Ukraina tomonlari ishtirok etsin”, — dedi u.
Amerika tomoni bunday uchrashuv 10 kun mobaynida tashkil etilishi mumkinligini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, Lavrov hozircha bu borada aniq bir sana haqida so‘z yuritilmaganligini aytdi.
Lavrov Ukraina ishi bo‘yicha ko‘p tomonlama muzokaralar olib borilishi uchun Rossiyaning ikki sharti mavjudligini aytdi. Birinchidan, Moskva bo‘lajak uchrashuvlarda Ukrainaning janubiy va sharqiy qismlari vakillari ishtirok etishi lozim. Tashqi ishlar vazirining fikricha, bu vakillar hududlarning tayinlangan gubernatorlari emas, balki Ukrainadagi prezident sayloviga o‘z nomzodini qo‘ygan kishilar bo‘lishi darkor. Ularning ham barchasi emas, balki yetakchi siyosatchi bo‘lganlari vakillik qilishi mumkin, deb hisoblaydi Sergey Lavrov.
Rossiya tashqi ishlar vaziri ko‘p tomonlama muzokaralar o‘tkazilishining ikkinchi sharti sifatida bunga qadar Ukraina yangi konstitutsiyasi loyihasi tayyor bo‘lishi lozimligini aytdi. "Konstitutsiya loyihasi tayyor bo‘lsa-yu, uni hech kimga ko‘rsatmasdan turib, Yevropa, AQSh, Rossiya vakillari bilan muzokaralarda tasdiqlatib olish niyati yo‘qmikan?” — degan gumonni bildirdi u.
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi esa, o‘z navbatida, xalqaro muloqotga tayyor ekanliklarini ma’lum qilib, buning uchun Rossiya mamlakatning ichki ishlariga aralashishni to‘xtatishini talab etmoqda.
Manba: www.SheJoT.CoM - Saytdan olindi!
|