Yer sharidagi eng mitti gazeta Angliyadagi "First News” nashri tomonidan chiqarilgan ilova hisoblanadi. U 2010 yilda ‘’Dunyoning eng mitti gazetasi’’ nomi ostida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan. Uning hajmi 32×22 millimetr bo’lib, uni mutolaa qilish uchun nafaqat o’tkir ko’z, balki lupa ham kerak bo’ladi. U 2007 yili 8 noyabrda Ginnesning rekordlar kitobi kuniga bag’ishlanib yo’lga qo’yilgan bo’lib, asosan 7-14 yoshli o’quvchilarga mo’ljallangan gazeta hisoblanadi.
Afrikadan Chempion yo‘q
Yaqinda sport statistikasi bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar antiqa ma’lumotga duch kelishdi. Unga ko‘ra, shu bugunga qadar o‘tkazilgan barcha qishki Olimpiada o‘yinlarida Afrika qit’asidagi davlatlardan hech bir sportchi g‘olib bo‘lmagan.
Xitoy yana birinchi
Ma’lumki, Xitoy bugungi kunda jahonda eng ko‘p ishchi kuchiga ega bo‘lgan davlat sanaladi. Xususan, ushbu mamlakatda 761 million ishchi kuchi mavjud. Bu esa butun Yevropa ahlidan uch, Shimoliy va Janubiy Amerika qit’alari aholisidan ikki barobar ko‘p demakdir. Undan keyingi o’rinni 438 million ishchi kuchi bilan Hindiston egallab turibdi.
Boy va Saxiylar
Olimlar Lyuksemburgliklarni, aholi soniga hisoblaganda ($110 000) eng boy odamlar deb topishdi. Qiziqarlisi, sayyoramizdagi eng saxiy kishilar ham mazkur davlat fuqarolari sanalarkan.
Million kishiga uchta Nobel
Eng iste’dodli kishilar irlandiyaliklar deyishmoqda olimlar. Ularning aytishlaricha, har million irland fuqarosiga uch nafar Nobel mukofoti sovrindori to‘g‘ri kelishi bunga yaqqol misol bo‘la olar ekan.
Supershaharlar
Shaharda yashashni xohlaysizmi? Unda: Gvadelupa, Gibraltar, Monako, Nauri, Singapur va Bermud shaharlarini tavsiya etamiz. Sababi, bu maskanlar 100 foiz shahar talabiga javob beradigan dunyodagi sanoqli joylardir.
Tasodifiy Bilim
Kanada va amerikaliklar antiqa ma’lumotga duch keldilar. Unga ko‘ra, Kanada aholisining 5 foizi o‘z yurti madhiyasining boshidagi besh so‘zni bilmas ekan. Biroq Amerika madhiyasining boshidagi to‘qqizta so‘zni Kanadaning shuncha foiz aholisi bilarkan. Amerikaliklarning ham 7 foizi o‘z madhiyasining birinchi to‘qqizta so‘zini bilmaydi, lekin shuncha foiz aholisi Kanada madhiyasining boshidagi yetti so‘zni biladi.
Eng tili uzun Hayvon
Jirafa nafaqat bo‘yi, balki tili ham eng uzun hayvonlardan biri bo‘lib, tilining uzunligi qariyb 50 sm. ekan. Shu sabab ham u o‘z quloqlarini tili bilan tozalaydi. Yana bir jihat – ko‘pchilikning nazdida tuya suvsiz eng ko‘p vaqt yura oladigan hayvon. Biroq yaqinda olimlar jirafaning tuyaga nisbatan ko‘proq muddat suvsiz yura olishi mumkinligini isbotlashdi.