 Qirg‘izistonda bundan to‘rt yil avval hukumatdan chetlashtirilgan sobiq prezident Qurmanbek Bakiyevga qo‘yilgan davlat aybloviga ko‘ra, unga umrbod qamoq jazosi tayinlanishi mumkin. “2010-yil apreli voqealari” bo‘yicha olib borilgan sud jarayonida prokuratura vakili shuni talab qildi, deb yozadi “Akipress” nashri.
2010-yil aprel voqealarida qo‘zg‘olonchilar va hukumat kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda 70 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. Yangi hukumat halok bo‘lgan “inqilobchi”larni qahramonlar, deb atadi hamda avvalgi hukumat vakillariga (shu jumladan, Bakiyevga) va maxsus xizmatlar xodimlariga nisbatan o‘z mansabini suiiste’mol qilish va qotilliklarga aloqadorlik aybini e’lon qildi.
Shuningdek, prokuratura sobiq prezidentning ukasi, Davlat qo‘riqlov xizmatini boshqargan Janish Bakiyevga hamda sobiq hukumat rahbari Daniyar Usenovga nisbatan ham umrbod qamoq jazosi tayinlanishini talab etgan.
Sobiq prezidentga va boshqa ayblanuvchilarga sirtdan ayblov e’lon qilingan; chunki hukumatdan ag‘darilgan prezident va uning ayrim qarindoshlari 2010-yildagi to‘ntarishdan keyin tezda mamlakatni tark etgan edilar.
Qirg‘izistonda Bakiyev va uning atrofidagilarga nisbatan bir qancha ayblar bilan hukmlar o‘qilgan. Masalan, 2013-yilning boshida sobiq prezident va ukasi Janish Bakiyev prezident ma’muriyatining sobiq rahbari Medet Sadirkulovning o‘limida aybdor, deb topilgan. Bu ish bo‘yicha Qurmanbek Bakiyev 24 yillik, ukasi esa – umrbod qamoq jazosiga sirtdan hukm qilingan edilar.
Qurmanbek Bakiyev 2005–2010-yillarda prezidentlik qilgan, to‘ntarishdan keyin prezident Aleksandr Lukashenko taklifi bilan Belorussiyaga ketgan. Qirg‘iziston hukumati tepasiga kelgan raqiblari Bakiyevni topshirishni talab etishgan, ammo Belorussiya uni Qirg‘izistonga topshirishdan bosh tortgan.
Manba: www.SheJoT.CoM - Saytdan olindi!
|